Taklifxona
O‘zbekchaUZРусскийRUEnglishEN

Maxfiylik siyosati

Tahrir sanasi: 2026-yil 28-sentyabr

Qanday ma‘lumot yig‘amiz, nima uchun ishlatamiz, kim ko‘radi va qancha saqlaymiz.

1. Kim qayta ishlaydi

Ma‘lumotlarni taklifxona.uz xizmati egasi — o‘zini o‘zi band qilgan shaxs Gulmuxammedov Shoxriyor Hamidovich qayta ishlaydi. Savollar uchun: Telegram @taklifxona_admin yoki telefon +998 94 737 43 73.

2. Qanday ma‘lumot yig‘amiz

  • Kirishda. Telegram orqali: Telegram ID, ism, username va profil rasmi havolasi. Google orqali: Google hisobi identifikatori, ism, email va profil rasmi.
  • Taklifnoma mazmuni — o‘zingiz kiritgan narsalar: ismlar, ota-onalar, sana va vaqt, to‘yxona nomi, manzil va xaritadagi nuqta, kun dasturi, telefon raqamlari, to‘yona kartasi raqami va egasi, suratlar, tanlangan musiqa.
  • Mehmonlar javobi. Taklifnomadagi javob formasini to‘ldirgan mehmonlarning ismi, kelish-kelmasligi, hamrohlari soni, telefon raqami (agar so‘ralgan bo‘lsa) va tilaklari saqlanadi va faqat taklifnoma egasiga ko‘rsatiladi; bu ma‘lumotlar taklifnoma o‘chirilganda u bilan birga o‘chiriladi. Spamdan himoya uchun javob yuborilgan IP manzil faqat qaytarib bo‘lmaydigan (xeshlangan) ko‘rinishda saqlanadi.
  • To‘lov. Buyurtma summasi, holati va Click tranzaksiya raqamlari. Karta raqami, amal qilish muddati va boshqa karta ma‘lumotlari bizga kelmaydi — ularni Click qayta ishlaydi.
  • Cookie. Kirganingizni eslab qolish uchun bitta cookie va sayt tilini tanlasangiz, uni eslab qolish uchun yana bittasi. Mehmon javob formasini to‘ldirsa, javobini keyin o‘zgartira olishi uchun uning qurilmasida ham bitta cookie saqlanadi. Saytga qaysi havoladan kelganingizni (masalan, Telegram kanaldan) 30 kun eslab qoladigan yana bitta cookie bor: unda shaxsiy ma‘lumot yo‘q va u uchinchi tomonga berilmaydi. Reklama cookie‘lari va uchinchi tomon kuzatuv xizmatlari ishlatilmaydi.

3. Nima uchun ishlatamiz

  • kabinetga kirish va taklifnomalaringizni saqlash uchun;
  • taklifnomani yaratish va havola orqali mehmonlarga ko‘rsatish uchun;
  • to‘lovni qabul qilish va tekshirish uchun;
  • savollaringizga javob berish uchun.

Ma‘lumotlaringizni sotmaymiz va reklama uchun hech kimga bermaymiz.

4. Kim ko‘radi

  • Taklifnoma mazmunini (ismlar, sana, manzil, telefonlar, to‘yona kartasi, suratlar) havolani bilgan har kim ko‘ra oladi. Havolani kimga yuborishni o‘zingiz hal qilasiz.
  • Kabinet va to‘lov ma‘lumotlarini faqat siz va Taklifxona administratori ko‘radi.

5. Uchinchi tomon xizmatlari

  • Telegram va Google — kirish uchun. Telegram orqali kirgan bo‘lsangiz, mehmonlar javobi haqidagi xabar (mehmon ismi, javobi, telefoni va tilagi) sizga Telegram boti orqali yuboriladi.
  • Click — to‘lov uchun.
  • Amazon Web Services — sayt va ma‘lumotlar joylashgan server.
  • OpenStreetMap — muharrirdagi xarita shu yerdan yuklanadi, to‘yxonani qidirganingizda qidiruv matni OpenStreetMap xizmatlariga (Nominatim, Photon) yuboriladi.
  • Yandex Xaritalar va Yandex Go — mehmon taklifnomadagi «Yo‘l ko‘rsatish» yoki «Taksi chaqirish»ni bosganda Yandex xizmatiga o‘tadi.

6. Qayerda va qancha saqlanadi

  • Ma‘lumotlar Amazon Web Services serverlarida, O‘zbekistondan tashqarida (Shvetsiya) saqlanadi. Xizmatdan foydalanib, ma‘lumotlaringiz shu serverlarda saqlanishiga rozilik bildirasiz.
  • Taklifnoma e‘lon qilingandan keyin 1 yil ochiq turadi, keyin havolada arxiv sahifasi ko‘rsatiladi.
  • Kirmasdan yaratilgan qoralama shu qurilmada 7 kun turadi. Shu muddatda kirmasangiz, u suratlari bilan birga o‘chiriladi; kirsangiz, hisobingizga o‘tadi.
  • Hisobingiz va taklifnomalaringizni o‘chirishni so‘rashingiz mumkin — so‘rovni 10 ish kuni ichida bajaramiz.
  • Zaxira nusxalar 14 kun saqlanadi, shuning uchun o‘chirilgan ma‘lumot ular ichida shu muddatgacha qoladi.

7. Huquqlaringiz

  • Taklifnomadagi ma‘lumotni istalgan vaqtda muharrirda o‘zgartirishingiz mumkin.
  • Siz haqingizda qanday ma‘lumot borligini bilish, uni tuzatish yoki o‘chirishni so‘rash huquqiga egasiz — 1-bo‘limdagi aloqa orqali yozing.

8. Rozilik va o‘zgarishlar

Saytga Telegram yoki Google orqali kirib, ushbu siyosatga va ommaviy ofertaga rozilik bildirasiz. Siyosat o‘zgarsa, yangi matn shu sahifada tahrir sanasi bilan e‘lon qilinadi.

Ommaviy ofertaMaxfiylik siyosatiBiz haqimizdaBosh sahifa